QORAQALPOG‘ISTONLIK YOSHLAR TERDUDA: SAMIMIY MULOQOT VA DO‘STONA UCHRASHUV

Yangiliklar 02-10-2026 10

Bugun Termiz davlat universitetida Surxondaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov, Termiz davlat universiteti rektori Abduqodir Toshqulov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan yoshlar ishtirokida samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda Termiz davlat universitetida tahsil olayotgan qoraqalpog‘istonlik talaba-yoshlar ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning hayotiy va kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish, sport bilan shug‘ullanishi, kasb-hunar egallashi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.

Ayni maqsadda Taxiatosh tumanidagi 30 nafar yoshning Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘inida ishtirok etishi yo‘lga qo‘yilgan. Bir haftalik dastur doirasida yoshlar harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar, jismoniy tayyorgarlik, amaliy o‘quvlar, sport musobaqalari hamda kasb-hunarga yo‘naltirish tadbirlarida ishtirok etmoqda.

Mehmonlar uchun TerDU kampusi bo‘ylab sayohat tashkil etilib, universitetdagi zamonaviy ta’lim muhiti, infratuzilma va talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.

Uchrashuv so‘ngida esa barcha ishtirokchilar uchun milliy qadriyatlarimizga xos tarzda fayzli dasturxon yozilib, osh tortildi. Do‘stona suhbatlar, samimiy tilaklar va bir dasturxon atrofidagi muloqot tadbirga alohida fayz bag‘ishladi.