TerDUda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi oʻtkazildi

Yangiliklar 10-09-2026 3

Termiz davlat universitetida 1-bosqich talabalarining universitet muhitiga moslashuvini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Tanishtiruv haftaligi” doirasida uchrashuv va muloqotlar davom etmoqda.

Navbatdagi “Rahbar va yoshlar” uchrashuvida universitetning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-ma'rifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Obidjon Shofiyev Tabiiy fanlar fakultetining 1-bosqich talabalari bilan muloqot qildi.

Uchrashuvda talabalik davrida sifatli bilim olish, mustaqil izlanish va oʻz ustida ishlash, universitetda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, ichki tartib-qoidalarga rioya etish hamda jamoat ishlarida faol va tashabbuskor boʻlish xususida soʻz yuritildi.

Shuningdek, talabalarga universitetdagi ilmiy va ijodiy toʻgaraklar, klublar, madaniy-maʼrifiy va sport loyihalari, yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.

Ochiq muloqot davomida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, taklif va fikrlarini bildirdilar.

“Tanishtiruv haftaligi” doirasidagi bunday uchrashuvlar 1-bosqich talabalarining yangi muhitga tez moslashishi, universitet hayotida oʻz oʻrnini topishi va talabalikning ilk kunlaridanoq aniq maqsadlar bilan harakat qilishiga xizmat qiladi.