TerDUda buyuk sarkardaga ehtirom sifatida ma’naviyat va tarix uyg‘unligida tadbir tashkil etildi

Yangiliklar 09-04-2026 10

Tadbirni ochib bergan rektorimiz bugungi avlod ajdodlarimiz yaratgan uyg‘onish davrining milliy va umuminsoniy mohiyatini teran anglashi lozimligini, yoshlarni Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalashda bu meros ma’naviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan tadbir ishtirokchilari bo‘lgan talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillariga Amir Temur shaxsiyati hamda boy ma’naviy merosini o‘rganish va tadqiq etish natijasida qo‘lga kiritilgan yangi ma’lumotlar haqida ma’ruzalar qilindi.

Shundan so‘ng Amir Temur tavalludining 690 yilligini munosib nishonlashga qaratilgan dastur asosida badiiy va ko‘rgazmali chiqishlarga navbat berildi. Surxondaryo viloyat musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan sahnalashtirilgan “Amir Temur” spektakli namoyish etildi. Harbiy qism askarlari “Biz Temur avlodlari” deb nomlangan ko‘rgazmali chiqishlarini, Termiz garnizoni harbiy orkestri va faxriy qorovuli musiqiy kompozitsiya ijro etishdi. Viloyat maqom ansambli va viloyat davlat filarmoniyasi xonandalarining konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona ruh bag‘ishladi.

Shubhasiz, bu kabi tadbirlar xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.