Termiz davlat universitetida rektor raisligida kengaytirilgan apparat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda prorektorlar, fakultet dekanlari, boshqarma va bo‘lim boshliqlari hamda kun tartibidagi masalalar ijrosiga daxldor mutasaddilar ishtirok etdi.
Dastlab, rektor A. Toshqulov Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi tafsilotlari hamda davlat rahbari tomonidan belgilangan muhim vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida universitet ta’lim yo‘nalishlari va fakultetlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida shahar va tuman hokimlarining bitiruvchilar bilan uchrashuvlarini yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, universitet strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, rektor tomonidan ta’lim sifatini oshirish, kitobxonlikni rivojlantirish hamda talabalarni sportga keng jalb etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.