TerDUda Qiziriq tumani prokuraturasi tashabbusi bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Dastlab Qiziriq tumani bitiruvchi yoshlari bilan rektor uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Samimiy muloqotlar jarayonida o‘quvchi-yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun bilib amal qilishi lozim bo‘lgan o‘gitlar hayotiy misollar va rivoyatlar asosida yetkazildi. Savol-javoblar muloqotning ochiq va samimiy ruhda o‘tishini ta’minladi.
Shundan so‘ng qiziriqlik o‘quvchilar mas’ullar hamrohligida kampus bo‘ylab sayohat qilishdi. Ularga shonli tariximiz, jadidchilarimiz hayoti va boy ma’naviy merosi haqida ma’lumot berildi.
Shu asnoda kelajak vorislarimizni munosib kadrlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan “Ilmiy tadqiqot markazi”, “Yoshlar markazi” faoliyati hamda unda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi.
20 dan ortiq sport turlari bilan muntazam shug‘ullanish imkonini beradigan moddiy-texnik baza va to‘garaklar faoliyati o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir yakunida o‘quvchi-yoshlar universitet oshxonasida mehmon qilindi. Fayzli dasturxon atrofida ular o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Bunday tadbirlar yoshlarning ongli tanlov qilishlari va kelajakda munosib kadrlar bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.