Akademik Nurislom To‘xliyev Termiz davlat universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda universitet rektori A. Toshqulov, professor-o‘qituvchilar hamda iqtidorli talabalar ishtirok etdi. Akademik dastlab 20 jildlik “Islom ensiklopediyasi”ni chop etish jarayoni hamda bugungi kungacha nashr etilgan jildlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muloqot davomida, islom moliyasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini yangilash zarurati, davlatning yalpi ichki mahsuloti (YIM) va tashqi qarzi ko‘rsatkichlari, shuningdek uzoq muddatga mo‘ljallangan iqtisodiy islohotlar haqida hayotiy misollar orqali tushuntirishlar berildi.
N.To‘xliyev 1947-yilda Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilib, Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Ilmiy kamolotini Sankt-Peterburg (Leningrad) davlat universitetida aspiranturani o‘tab, "Siyosiy iqtisod" ixtisosligi bo‘yicha mustahkamlagan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (akademigi) — bu uning mamlakat iqtisodiyot fani rivojidagi oliy e’tirofidir. 1989-yildan 2014-yilgacha (25 yil!) "O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi" davlat ilmiy nashriyotiga rahbarlik qilgan. Bu davrda millatning intellektual pasporti hisoblangan ko‘p jildli qomuslar aynan u kishining boshchiligida yaratilgan. Hozirda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida zamonaviy va dolzarb yo‘nalish — islom iqtisodiyoti va ziyorat turizmi bo‘yicha dars berib, "Islom ensiklopediyasi" bo‘limiga rahbarlik qilmoqda.
Uchrashuv yakunida talabalar tomonidan berilgan savollarga akademik tomonidan atroflicha javoblar berilib, foydali tavsiyalar bildirildi.