“Paxtaoy”da yangi bunyodkorlik nafasi

Yangiliklar 15-09-2026 14

Bugun Termiz davlat universitetiga qarashli “Paxtaoy” maskanida ezgu niyatlar, samimiy suhbatlar va fayzli dasturxon atrofida tarix sahifalarida muxrlanadigan uchrashuv tashkil etildi. Universitetning faxriy professor-o‘qituvchilari, Universitet Kengashi a’zolari, fakultet dekanlari hamda jamoaning mas’ul vakillari uchun fayzli dasturxon yozildi. Jarayonda mehmonlarga “Paxtaoy” hududida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, kelgusidagi ulkan rejalar hamda maskanning yangi qiyofasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, hududda TerDU kasaba uyushmasi bog‘i va sanatoriy-oromgohi, oilaviy dam olish maskanlari, sport zonalari, bolalar uchun hordiq chiqarish hududlari hamda yordamchi xo‘jaliklar tashkil etilmoqda. Bu bunyodkorlik — shunchaki yangi inshootlar barpo etish emas. Bu ustoz va xodimlar uchun munosib dam olish va sog‘lomlashtirish sharoitlarini yaratish, tabiat bilan uyg‘un zamonaviy maskan barpo etish yo‘lidagi ezgu tashabbusdir.

Uchrashuv davomida universitet faxriy ustozlari hududda boshlangan o‘zgarishlarni bevosita kuzatib, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarining nafaqat guvohi, balki duogo‘yi va ma’naviy ko‘makchisi sifatida o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Faxriy ustozlar rektor A. Toshqulov boshchiligidagi universitet jamoasining tashabbuslarini yuksak e’tirof etib, boshlangan ishlarning bardavom bo‘lishi, “Paxtaoy”ning yanada obod, ko‘rkam va fayzli maskanga aylanishini tiladilar.

Ustozlar tashrifi, samimiy muloqotlar va bugungi fayzli kun suratlarda muhrlandi.