Kutubxona — aql-idrok va bilimlar xazinasi, o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi muqaddas dargohdir.
Bino to‘liq zamonaviy talablarga javob beradigan darajada qurilgan, 3 qavatdan iborat bo‘lib, yerto‘la qismi ham mavjud. Xar bir qavatda o‘quv zallari, kitoblarni saqlash xonalari va yordamchi xonalari joylashgan. Axborot-resurs markazining 1-qavatida kelgan kitobxonlar a’zo bo‘ladi va ma’lum bir muddatga kitob olib ketish huquqiga ega. Binoning 2 va 3 qavatlaridagi o‘quv zallarida kelgan talaba-yoshlar kitoblardan foydalanib, badiiy adabiyotlarni o‘qishlari mumkin. Shuningdek gazeta va jurnallarning yig‘ma jildlari alohida javonlarga joylashtirilgan va doimiy ravishda yangilanib boriladi. Axborot-texnologiyalar xonalarida kompyuterlardan va internet tarmog‘idan foydalanish sharoiti mavjud. Barcha kompyuterlarga elektron kataloglar joylashtirilgan, kitobxon o‘ziga kerakli mavzular bo‘yicha ma’lumot yuklab olishi mumkin.
Shuningdek, binoning yerto‘la qismida alohida xonada yillar kesimida barcha bakalavr va magistrlik dissertatsiyalari javonlarga joylashtirilgan va foydalanish uchun imkoniyatlar yaratilgan.
Axborot-resurs markazida 5 ta Axborot-texnologiyalari xonalari faoliyat yuritadi. Ulardagi barcha kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan. Markazda 105 dona kompyuter, 18 dona printer, 8 dona elektron tablo, 1 dona elektron doska, 1 dona yig‘ma elektron doska, 694 dona QR kodli kitoblar, kitob reklamasi uchun 3 dona televizor mavjud.
Bir vaqtni o‘zida ARM 565 ta kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda ARM fondi 147125 dona adabiyotni tashkil etadi. Shulardan 18815 dona badiiy adabiyot, 134115 dona darslik va o‘quv qo‘llanmalar, 5805 dona boshqa adabiyotlardan iborat.
Termiz davlat universiteti Axborot-resurs markazida Unilibrary.uz elektron kutubxona tizimiga barcha ilmiy va o‘quv adabiyotlarni kiritish bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunga qadar 8950 nomda adabiyot kiritilgan. Shulardan o‘quv adabiyotlar 8465 dona, monografiya 164 dona, dissertatsiya 95 donani tashkil etadi.
Axborot-resurs markazi fondidagi adabiyotlarni yagona elektron katalogini shakllantirish maqsadida “Raqamli kutubxona” dasturi yaratildi. Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari HEMIS dasturi orqali arm.tersu.uz tizimida barcha adabiyotlardan masofaviy foydalanish imkoniyatiga ega. Bugungi kunda jami 93 033 dona adabiyot raqamlashtirildi.
Universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan elektron darslari ARM xodimi tomonidan“Raqamli kutubxona” dasturi va ijtimoiy tarmoq kanaliga joylashtirilmoqda.
Bundan tashqari ARM boshqa OTM talabalari, kollej o’qituvchi, talabalariga aholiga xizmat ko‘rsatadi. O‘quv zallarida kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida kechki navbatchilik tashkil etilgan.
Shuningdek universitetning fakultetlarida ARM filiallari faoliyat yuritib kelmoqda. Yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar bilan ta’minlangan va elektron kutubxona bazasi shakllantirilgan. Elektron kutubxonaga a’zo bo‘lgan kitobxonlarga axborot almashuvi bo‘yicha barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan.
Axborot-resurs markazida bir necha xalqaro bazalardan foydalanish imkoniyati mavjud. ProQuest to‘liq matnli halqaro dissertatsiya va diplom ishlari bo‘yicha bazasidan Axborot-resurs markazi elektron kutubxonasiga 1737 dona turli yo‘nalishlar bo‘yicha dissertatsiyalar yuklab olingan. Axborot-resurs markazida yetakchi jahon nashriyotlardagi ilmiy resurslarining yirik ta’minotchisi hisoblangan EBSCO, SCOPUS, Web of Science, Springer.com, Science Direct kompaniyalari saytlaridan kitobxonlar doimiy ravishda foydalanib kelmoqda.
ARM binosida o‘quv zali, axborot-texnologiyalari xonalari kitobxonlarga qulaylik yaratish maqsadida kechki navbatchilik ish tartibi bilan ishlab kelmoqda.
Imkoniyati cheklangan talabalarga qulaylik yaratish maqsadida, Axborot-resurs markazining birinchi qavatida 106- axborot texnologiyalari xonalari ajratilgan va jihozlangan. Audio kitoblarning bazasi to’liq shakllantirilgan va kompyuterlarlarga joylashtirilgan. Axborot-resurs markazi fondiga BRAYL yozuviga asoslangan 40 nomda 245 dona adabiyot kirim qilingan.
Binoning 2-qavatida universitet doktorant, mustaqil izlanuvchilar va magistrlar uchun 203-xona ajratilgan.
ARMning asosiy vazifalari quyidagilar:
Kitobxon yoshlarning, shuningdek aholining axborotga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirish;
foydalanuvchilarning tizimli ravishda ta’lim olishi va o‘z ustida ishlashiga yordam berish;
foydalanuvchilarni ma’naviy boy va uyg‘un kamol topgan shaxsning ijodiy o‘sishi uchun imkoniyatlar yaratgan holda shaxsiy va uzoqdagi axborot-kutubxona resurslaridan foydalanish asosida O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosidan bahramand etish.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida foydalanuvchilarga tezkor va sifatli axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatish;
ta’lim muassasasining sohasiga muvofiq asosan ilmiy ta’limga oid mazmundagi axborot-kutubxona fondini shakllantirish;
axborot-kutubxonaning but saqlashini ta’minlash;
elektron kutubxona va elektron katalogni shakllantirish;
yig‘ma elektron kataloglarni shakllantirishda ishtirok etish.
ARM faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish va ular asosida foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish uslublari doirasini kengaytirib, ularning sifatini oshirib boradi.
Foydalanuvchilarning axborotlar va adabiyotlarga bo‘lgan talablarini yanada to‘liq qondirish maqsadida universitetning tarkibiy bo‘linmalari hamda boshqa jamoat tashkilotlari, kutubxonalar bilan o‘zaro hamkorlik faoliyatini muvofiqlashtiradi.