Texnika fanlari doktori, professor
Fakultet maqsadi
Kimyo fakulteti kimyo, kimyoviy texnologiya, neft va gaz kimyosi, materialshunoslik hamda yangi materiallar texnologiyasi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, zamonaviy ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish va ishlab chiqarish bilan integratsiyani ta’minlashga yo‘naltirilgan akademik va ilmiy-innovatsion markaz hisoblanadi. Fakultetning maqsadi - kimyo va unga turdosh sohalarda zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni olib borishga qodir yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat.
Ayni paytda Kimyo fakultetida 4 ta kafedra faoliyat yuritmoqda:
1. Noorganik kimyo kafedrasi;
2. Analitik kimyo kafedrasi;
3. Organik kimyo kafedrasi;
4. Fizikaviy kimyo kafedrasi.
Fakultetda bakalavriat, magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Hozirda fakultetda 6 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 3 ta magistratura mutaxassisligi, 4 ta tayanch doktorantura va 2 ta doktorantura ixtisosligi mavjud.
Fakultet professor-o‘qituvchilari tarkibi
Hozirgi kunda Kimyo fakultetida jami 48 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan:
- 10 nafar - Fan doktori (DSc);
- 21 nafar - Fan nomzodi va PhD;
- 14 nafar - Katta o‘qituvchilar;
- 10 nafar - O‘qituvchilar;
Fakultet professor-o‘qituvchilari tomonidan ta’lim jarayoni bilan bir qatorda zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar, doktorlik va falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
So‘nggi ikki yil davomida fakultetda 5 ta doktorlik dissertatsiyasi hamda kimyo va texnika fanlari bo‘yicha 14 ta falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Fakultet tarixi
Termiz davlat universiteti Kimyo fakultetining ilmiy-pedagogik tarixi universitetda kimyo ta’limining shakllanishi va rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning ildizlari 1954-1956-yillarga borib taqaladi. 1954-yilda tashkil etilgan Termiz o‘qituvchilar institutida dastlab tabiatshunoslik va kimyo yo‘nalishlari bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
1970-1980-yillarda ushbu dargohda kimyo ta’limi va ilmiy faoliyat yanada rivojlandi. Kafedrada fan nomzodlari va tajribali mutaxassislar faoliyat yuritib, kimyo fanining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borildi. 1985-1990-yillarda Kimyo fakultetining ilmiy-pedagogik shakllanish tarixida muhim bosqich bo‘ldi. Aynan shu yilda “Biologiya-ximiya” kafedrasi negizida “Kimyo-botanika va qishloq xo‘jalik asoslari” kafedrasi ajralib chiqdi.
Keyingi bosqichda Termiz davlat universitetida kimyo ta’limi fundamental fanlar bilan bir qatorda kimyoviy texnologiya va ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan ham kengaydi. 2019-yilga kelib universitet tarkibida Kimyo va texnologiya fakulteti faoliyat yuritgan. Bu davrda fakultetning ilmiy-pedagogik faoliyati bilan bir qatorda xalqaro hamkorlik aloqalari ham rivojlandi.
Kimyo fakultetining hozirgi tashkiliy shakli Termiz davlat universitetining yangi tuzilmasiga asosan 2021-yil 26-avgustda tashkil etildi. Shu davrdan boshlab fakultetning faoliyati kimyo fanining fundamental yo‘nalishlari bilan bir qatorda zamonaviy va amaliy-ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratildi. Fakultet tarkibida Noorganik kimyo, Analitik kimyo, Organik kimyo va Fizikaviy kimyo kafedralari faoliyat yuritib, kimyoning asosiy ilmiy yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim va ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
2021-yildan keyingi davrda Kimyo fakulteti ta’lim, ilm-fan va innovatsiya integratsiyasi asosida yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Fakultetda kimyo bilan bir qatorda neft va gaz kimyosi, kimyoviy texnologiya, materialshunoslik, yangi materiallar texnologiyasi, kimyo muhandisligi, tabiiy va fiziologik faol birikmalar kimyosi kabi zamonaviy yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimi rivojlanib, noorganik kimyo, analitik kimyo, noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi hamda organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi bo‘yicha ilmiy kadrlar tayyorlash imkoniyatlari kengaydi.
Fakultetning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda doktorantura va ilmiy kengash faoliyati alohida o‘rin tutadi. Termiz davlat universiteti huzurida kimyo va texnika fanlari bo‘yicha doktorlik (DSc) ilmiy darajasini beruvchi DSc.03/2025.27.12.К/Т.12.05 raqamli ilmiy kengashning faoliyat yuritishi Kimyo fakultetida yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun muhim ilmiy-tashkiliy asos yaratdi. So‘nggi yillarda fakultetda doktorlik va falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarining muvaffaqiyatli himoyalari amalga oshirilib, fakultetning ilmiy salohiyati izchil oshib bormoqda.
Termiz davlat universiteti Kimyo fakulteti o‘zining ko‘p yillik ilmiy-pedagogik an’analarini zamonaviy kimyo fanining yangi yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirgan holda faoliyat yuritmoqda. Fakultetda fundamental va amaliy tadqiqotlar, jumladan, tabiiy xomashyolar asosidagi ultra- va nanofiltratsion membranalar, yangi avlod yarimo‘tkazgichli materiallar va tandem quyosh elementlari, kompleks hosil qiluvchi polifunksional ionitlar, sanoat chiqindi suvlarini metall ionlaridan tozalash, yog‘och materiallarining xossalarini yaxshilovchi antipiren-antiseptiklar hamda boshqa zamonaviy kimyoviy material va texnologiyalar bo‘yicha ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar
Hozirgi kunda Kimyo fakultetida quyidagi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarda mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Bakalavriat:
60530100 - Kimyo;
60530100 - Kimyo (oziq-ovqat mahsulotlari kimyosi);
60720600 - Neft va neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi;
60530300 - Tabiiy va fiziologik faol birikmalar kimyosi;
60720600 - Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi (tarmoqlar bo‘yicha);
60710100 - Kimyo muhandisligi.
Magistratura:
70530101 - Kimyo;
70530103 - Neft va gaz kimyosi va texnologiyasi.
Tayanch doktorantura:
02.00.01 - Noorganik kimyo;
02.00.02 - Analitik kimyo;
02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi;
02.00.14 - Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi.
Doktorantura:
02.00.02 - Analitik kimyo.
Talabalar va ilmiy izlanuvchilar kontingenti
Ayni paytda fakultetda 773 nafar bakalavriat talabasi, 72 nafar magistrant, 6 nafar doktorant, 30 nafar tayanch doktorant hamda 5 nafar stajyor-tadqiqotchi tahsil olmoqda.
Fakultet rahbari
Kimyo fakultetiga 2025-yil 30-yanvardan boshlab texnika fanlari doktori, professor B.A. Xolnazarov rahbarlik qilib kelmoqda.
Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat
Kimyo fakultetida fundamental, amaliy va innovatsion yo‘nalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Fakultet professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilari tomonidan tabiiy xomashyolar, yangi materiallar, yarimo‘tkazgich materiallar, polifunksional ionitlar, sanoat chiqindi suvlarini tozalash, yog‘och materiallarning xossalarini yaxshilash hamda kimyoviy texnologiyalar bo‘yicha ilmiy va amaliy ishlanmalar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi vaqtda fakultetda quyidagi ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilmoqda:
2024-2026-yillarga mo‘ljallangan FL-7923051854-sonli “Tabiiy xomashyolar asosidagi yangi ultra- va nanofiltratsion membranalar” mavzusidagi O‘zbekiston-Belorus xalqaro loyihasi;
2024-2026-yillarga mo‘ljallangan FL-8323102103-sonli “Yangi avlod yarimo‘tkazgichli tandem quyosh elementlari va ularni samaradorligini cheklovchi elektron-kovak tashish jarayonlari” mavzusidagi fundamental davlat granti;
2025-2027-yillarga mo‘ljallangan AL-9224104486-sonli “Kompleks hosil qiluvchi polifunksional ionitlar olish va ularni sanoat chiqindi suvlarini metall ionlaridan tozalashda qo‘llash” mavzusidagi amaliy loyiha;
2025-2026-yillarga mo‘ljallangan IL-8624042753-sonli “Yog‘och materiallarning xossalarni yaxshilash uchun oligomer antipiren-antiseptiklar olish va qo‘llash texnologiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi innovatsion loyiha;
Termiz davlat universiteti bilan “Surxon sanoat qurilish” kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan 24/6-sonli xo‘jalik shartnomasi asosida “Qamish qirindili plitalar uchun sifatli yelim tarkiblarini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy-tadqiqot ishlari.
Mazkur loyihalar doirasida yangi materiallar va texnologiyalar yaratish, mavjud texnologiyalarni takomillashtirish, sanoat korxonalarining amaliy muammolarini ilmiy asosda hal etish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ilmiy kengash va doktorlik dissertatsiyalarini tayyorlash
Termiz davlat universiteti huzurida kimyo va texnika fanlari bo‘yicha doktorlik (DSc) ilmiy darajasini beruvchi DSc.03/31.01.2023.K/T.78.01 raqamli ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda.
Mazkur ilmiy kengash fakultetda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish va kimyo hamda texnika fanlari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Fakultetda doktorantura va tayanch doktorantura tizimi orqali ilmiy kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 02.00.01 - Noorganik kimyo, 02.00.02 - Analitik kimyo, 02.00.13 - Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi hamda 02.00.14 - Organik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Fakultetning ilmiy salohiyati
Kimyo fakulteti professor-o‘qituvchilarining yuqori ilmiy salohiyati, mavjud doktorantura va tayanch doktorantura ixtisosliklari, ilmiy loyihalar hamda doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish imkoniyatlari fakultetning ilmiy-tadqiqot faoliyatini yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Fakultetda ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy ilmiy yo‘nalishlarni rivojlantirish, yosh olimlar va ilmiy izlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Fakultetning xalqaro hamkorlik faoliyati
Kimyo fakulteti ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga joriy etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan izchil hamkorlik qilib kelmoqda. Bugungi kunda fakultet Qozog‘iston Respublikasining Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti, M. Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, Tojikiston Milliy universiteti, Moskva davlat universiteti, Belarus va Qozon milliy universitetlari, shuningdek, Hindistonning GLA University, Mathura kabi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy-ta’limiy aloqalarni rivojlantirib kelmoqda.
Mazkur xalqaro hamkorlik doirasida kimyo, kimyoviy texnologiya, materialshunoslik, neft va gaz kimyosi hamda zamonaviy materiallar yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini hamkorlikda olib borish, ilmiy maqolalar va ilmiy loyihalarni tayyorlash, tajriba almashish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy va kasbiy malakasini oshirish hamda talabalar va ilmiy izlanuvchilarning akademik mobilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Fakultetning xalqaro ilmiy faoliyatida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar, xalqaro konferensiyalar, seminarlar, ilmiy stajirovkalar va akademik almashinuv dasturlari muhim o‘rin tutadi. Xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan tajriba almashish orqali zamonaviy kimyo fanining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha yangi ilmiy yondashuvlar va ilg‘or tadqiqot metodlarini fakultetning o‘quv va ilmiy jarayoniga tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Fakultet professor-o‘qituvchilari va ilmiy izlanuvchilarining xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarda ilmiy stajirovka o‘tashi, xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etishi, qo‘shma ilmiy maqolalar tayyorlashi va xalqaro loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyatlar kengaytirilmoqda. Xorijiy hamkorlar bilan ilmiy muloqotning rivojlanishi fakultetda zamonaviy ilmiy maktablarni shakllantirish va yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu xalqaro hamkorliklar natijasida ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining xalqaro tajriba bilan boyitilishi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yangi akademik imkoniyatlarning yaratilishi, qo‘shma ilmiy loyihalar va nashrlarni rivojlantirish hamda Kimyo fakultetining xalqaro ilmiy nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.