Termiz davlat universiteti xalqaro hamkorlikni ta’lim sifati, ilmiy salohiyat, akademik mobillik va universitetning global raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiluvchi ustuvor strategik yo‘nalishlardan biri sifatida izchil rivojlantirib kelmoqda.
Bugungi kunda universitetning xalqaro hamkorlik geografiyasi 24 ta xorijiy davlatni qamrab oladi. Amaldagi hamkorlik reyestrida xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro tashkilotlar, reyting va akkreditatsiya agentliklari hamda biznes va institutsional tuzilmalar bilan tuzilgan jami 129 ta hamkorlik shartnomasi, bitim va memorandum qayd etilgan.
Takroriy kelishuvlarni bitta hamkor sifatida birlashtirib, hamkorlik subyektlarini faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tasniflaganda, Termiz davlat universitetining xalqaro va institutsional hamkorlik tarmog‘i 110 ta asosiy hamkor tashkilotni qamrab oladi.
83 tasi — akademik hamkorlar, jumladan xorijiy universitetlar, oliy ta’lim muassasalari, akademiyalar va ta’lim institutlari; 8 tasi — ilmiy-tadqiqot hamkorlari, jumladan fanlar akademiyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy markazlar; 5 tasi — xalqaro reyting va akkreditatsiya tashkilotlari; 5 tasi — xalqaro va institutsional tashkilotlar; 9 tasi — biznes, sanoat va professional tashkilotlar hisoblanadi.
Universitetning xalqaro hamkorlik tarmog‘i Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Belarus, Malayziya, Indoneziya, Eron, Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Polsha, Latviya, Vengriya, Ruminiya, Hindiston, AQSh, Ozarbayjon, Slovakiya, Armaniston va Afg‘oniston kabi mamlakatlardagi hamkorlarni birlashtiradi.
Mazkur hamkorliklar doirasida qo‘shma ta’lim dasturlarini tashkil etish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik mobilligini rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va xalqaro loyihalarni amalga oshirish, xorijiy professor va ekspertlarni jalb etish, ilmiy nashrlar va konferensiyalarni tashkil qilish, ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish hamda universitetning xalqaro reytinglardagi mavqeini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Termiz davlat universiteti xalqaro hamkorlikni faqat memorandumlar soni bilan emas, balki ularning amaliy natijadorligi bilan baholashga intiladi. Shu bois universitet uchun faol qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuvlar, qo‘shma ilmiy loyihalar, xalqaro grantlar, yuqori impaktli ilmiy nashrlar, xalqaro akkreditatsiya va global reytinglardagi natijalar hamkorlik samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari hisoblanadi.