Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Termiz davlat universiteti (TerDU) Xalqaro aloqalar bo‘limi 1992-yildan buyon universitetni global ta'lim va ilm-fan makoniga integratsiya qilish hamda oliygohning xalqaro nufuzini oshirish maqsadida zamonaviy menejment va diplomatiya tamoyillari asosida tizimli faoliyat yuritib kelmoqda. Bo'lim kasbiy vakolat jihatidan global ta’lim makonida universitet profiliga mos keladigan nufuzli xorijiy OTMlar, ilmiy-tadqiqot markazlari, sanoat korxonalari va kompaniyalarni aniqlash, ularning reyting hamda salohiyat ko‘rsatkichlarini tahlil qilib hamkorlik o‘rnatishdan tortib toki ushbu hamkorlikning amaliy natijalariga erishilguniga qadar bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab oladigan keng ko‘lamli faoliyat turlari bilan shug'ullanadi. Bugungi kunda universitet rasman dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 115 tadan ortiq yetakchi oliy ta'lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari va xalqaro tashkilotlar bilan mustahkam hamkorlik tarmog‘ini shakllantirgan.
Bo‘limning global hamkorlik geografiyasiga e’tibor berilsa, undagi hamkorlik xaritasi dunyoning deyarli barcha qit'alarini qamraydi. Jumladan, universitet G‘arbiy Yevropaning Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Avstriya, Chexiya, Polsha, Vengriya, Ruminiya, Slovakiya, Latviya, Litva, Estoniya va Shvetsariya kabi davlatlaridagi OTMlari bilan, shuningdek, Sharqiy Osiyodagi Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur, Malayziya, Indoneziya, Filippin kabi mamlakatlar oliygohlari bilan ham faol hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Bundan tashqari, universitet Amerika qit’asidagi qator oliygohlar, xususan, AQShning Arizona davlat universiteti, Kaliforniya universiteti, Jorj Vashington universiteti hamda Nyu-York va Vashington shtatlaridagi ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, Kanada va Braziliyaning yetakchi oliygohlari bilan ham faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Universitetning hamkorlari orasida MDH davlatlaridagi, ayniqsa, Rossiya, Belarusiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston, Armaniston va Gruziyaning OTMlari ham salmoqli o‘rin tutadi. Shuningdek, bo‘lim xalqaro ta'limiy jamg‘armalar va tashkilotlar bilan grant loyihalari hamda akademik almashinuvlarni amalga oshirishda yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Bugungi kunda Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturlari doirasida ta'lim sifatini oshirish va talabalar mobilligi yo‘nalishida, Germaniyaning DAAD va Gyote Instituti, Buyuk Britaniyaning Britaniya Kengashi (British Council), Yaponiyaning JICA, Janubiy Koreyaning KOICA, shuningdek, Turkiyaning Mevlana va TIKA kabi nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlikda qator samarali loyihalar faol olib borilmoqda.
Xususan, Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi doirasida 2016–2019-yillarga mo‘ljallangan, qiymati 30,000 AQSh dollarini tashkil etuvchi "Oliy ta'limda salohiyatni rivojlantirish yo‘nalishidagi PAWER - hududlararo mobillikni yo‘lga qo‘yish va bu borada dolzarblik, sifat hamda tenglikni ta'minlash" loyihasi hamda 2018–2020-yillarda amalga oshirilgan qiymati 78,400 yevroga teng "O‘zbekistonda yangi AKTga asoslangan aqlli transport tizimlari bo‘yicha magistratura mutaxassisligini ochish" loyihasi muvaffaqiyatli bajarildi. Shu bilan birga, Chexiyaning Karlova universiteti bilan hamkorlikda 2019-yil davomida viloyat hududida arxeologik tadqiqotlarni olib borish uchun 3,800 yevro miqdorida investitsiya jalb etildi.
Universitetning 10 nafar nemis tili ta'lim yo‘nalishi talabalari va 1 nafar kafedra o‘qituvchisining 12 kun davomida Germaniyaning Myunster universiteti hamda Duysburg-Essen universitetiga amalga oshirgan ilmiy sayohati loyihasi 13,000 yevroni tashkil etdi. Xitoyning Hanban joylashgan Konfusiy instituti bosh markazi hamda Shimoli-g‘arbiy universitet bilan hamkorlikda universitetda Konfusiy xitoy tili va madaniyati institutining filialini ochish loyihasi 2020-yildan boshlandi. Shuningdek, KOICA tashkilotining 2 nafar volontyori 2019–2021-yillar mobaynida (2019-yil noyabridan boshlab) universitetda koreys tilidan qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib bordi.
Germaniyaning SES (Keksa ekspertlar xizmati) fondi bilan hamkorlikda jalb etilgan 2 nafar mutaxassis 2019-yilning yanvar va sentyabr oylarida Xorijiy filologiya fakultetida nemis va ingliz tili talabalariga dars o‘tdilar. Qolaversa, Germaniyaning Gyote instituti bilan hamkorlikda qiymati 2,000 yevro bo‘lgan "Germaniyada nemis tili o‘qituvchilarining malaka oshirish kursida qatnashish uchun xizmat safari" loyihasi hamda DAAD dasturi doirasida qiymati 4,000 yevro bo‘lgan "Germaniyada nemis tili bo‘yicha yozgi intensiv kursda ishtirok etish" loyihasi 2019-yilda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Bugungi kunda universitetimizda Xitoyning Szyansu, Malayziyaning Utara, Indoneziyaning Pendidikan (Pedagogika), Rossiyaning Vladimir va Belarusiyaning Polotsk davlat universitetlari bilan hamkorlikda 14 ta ta'lim yo'nalishi (bakalavriat va magistratura bosqichlarida) bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari muvaffaqiyatli tashkil etilgan. Ushbu dasturlar yoshlarga xalqaro standartlar asosida ta'lim olish, ikki diplomli tizimdan foydalanish va nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qishni davom ettirish uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda.
Bo'lim faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi NIZOM
I. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Nizom Termiz davlat universiteti (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tarkibidagi Xalqaro aloqalar bo‘limining (keyingi o‘rinlarda – Bo‘lim) faoliyatini tartibga soladi. 2-modda. Bo‘lim o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Universitet Rektori va Kengashining buyruqlari, ichki me’yoriy hujjatlari hamda mazkur Nizomga muvofiq tashkil etadi va olib boradi. 3-modda. Bo‘lim Universitet Rektori va Kengashi huzurida hisobdor bo‘lgan Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektorga bo‘ysunuvchi tarkibiy tuzilma hisoblanadi.
II. Bo‘limning maqsadi 4-modda. Universitetning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini va nufuzini yuksaltirish, ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot jarayonlarini global standartlarga muvofiqlashtirish orqali muassasaning xalqaro ta’lim makoniga chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash.
III. Bo‘limning asosiy vazifa va majburiyatlari 5-modda. Universitetning xalqaro hamkorlik strategiyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish. 6-modda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatish va rivojlantirish. 7-modda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, xalqaro tashkilotlari orasidan potensial hamkorlar izlab topish, ularning faoliyatini tahlil qilish orqali mos hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish va hamkorlik o‘rnatish uchun yo‘l xarita shakllantirish. 8-modda. Hamkorlik yo‘l xaritalari asosida shartnomalar va kelishuv loyihalarini tayyorlash, ularni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish, rasmiy imzolatish jarayonlarigacha bo‘lgan barcha faoliyatni amalga oshirish. Imzolangan shartnoma va kelishuv hujjatlarining reyestrini yuritish hamda ularda belgilangan hamkorlik faoliyatining amalga oshirilishini monitoring qilib borish. 9-modda. Universitet talabalari uchun xalqaro akademik almashinuv dasturlarini tashkil etish. 10-modda. Universitet professor-o‘qituvchilarining xorijiy oliygohlarda malaka oshirish va ilmiy stajirovkalarda ishtirok etishlarini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rish. 11-modda. Universitet talabalari uchun xorijiy oliygohlarda yozgi va qishki maktab dasturlarini tashkil etib berish va ularning ishtirokini ta’minlash. 12-modda. Universitetning xalqaro reytinglardagi ishtirokini ta’minlash, fakultetlar va yo‘nalishlar kesimida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tishiga ko‘maklashish. 13-modda. Xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish. 14-modda. Xorijiy professor-o‘qituvchilar, olimlar va mutaxassislarni universitetga jalb qilish tadbirlarini muvofiqlashtirish, ularning VISA va migratsion hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish. 15-modda. Talabalar va o‘qituvchilarning xalqaro grant, stipendiya va akademik almashinuv dasturlarida ishtirokini muvofiqlashtirish. 16-modda. Xorijlik talabalarni jalb qilish, qabul qilish va ularning VISA va migratsion hujjatlarini tayyorlashda ko‘maklashish. 17-modda. Xalqaro protokol, delegatsiyalar qabul qilish va rasmiy-diplomatik tadbirlarni tashkil etish. 18-modda. Xalqaro hamkorlikka oid axborot resurslari, veb-sahifalar va ma’lumotlar bazalarini yuritish. 19-modda. Xorijiy investitsiyalar, grant va beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etilishiga ko‘maklashish. 20-modda. Universitetning ta’lim xizmatlari eksport geografiyasini kengaytirish, xorijiy bozorlarda universitet brendini targ‘ib qilish va chet ellik talabalarni jalb qilish uchun maqsadli marketing tadbirlarini amalga oshirish. 21-modda. Xalqaro ta’lim va ilmiy konsorsiumlar, tarmoqli universitetlar assotsiatsiyalariga a’zo bo‘lish va ularning faoliyatida faol qatnashish orqali universitetning global akademik tarmoqdagi o‘rnini mustahkamlash. 22-modda. Xalqaro fondlar va tashkilotlar (masalan, Erasmus+, Horizon Europe, UNESCO, USAID va boshqalar) tomonidan e’lon qilinadigan grant tanlovlari uchun loyiha arizalarini tayyorlash, topshirish va g‘olib bo‘lingan loyihalarning universitet doirasida amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish. 23-modda. Universitetning xalqaro maydondagi ijobiy imijini shakllantirish maqsadida xalqaro ta’lim ko‘rgazmalari, forumlar, simpoziumlar va konferensiyalarda faol ishtirok etish, shuningdek, xorijiy elchixonalar va diplomatik missiyalar bilan doimiy aloqalar o‘rnatish. 24-modda. Talabalar va professor-o‘qituvchilarning xorijiy tillarni bilishini baholovchi xalqaro sertifikatlarga (IELTS, TOEFL, CEFR va boshqalar) ega bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, universitet qoshida xalqaro imtihon olish markazlarini ochish yoki ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish. 25-modda. Universitetni tamomlab xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotgan chet ellik va mahalliy bitiruvchilarning yagona ma’lumotlar bazasini yuritish, ular bilan aloqa o‘rnatish hamda universitetning xalqaro loyihalariga ularni jalb etish. 26-modda. Universitetning global reputatsiyasini va xalqaro imidjini rivojlanishiga xizmat qiluvchi boshqa faoliyatlar.
IV. Bo‘limning huquq va majburiyatlari 27-modda. Universitetning boshqa tarkibiy bo‘linmalaridan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifa va majburiyatlarni samarali hamda o‘z vaqtida bajarish uchun zarur bo‘lgan statistik ma’lumotlar, hisobotlar, ma’lumotnomalar va boshqa tegishli hujjatlarni belgilangan tartibda talab qilish va olish. 28-modda. Universitetning xalqaro hamkorlik faoliyatini yanada takomillashtirish, uning global miqyosdagi nufuzi va raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha rahbariyatga asoslangan takliflar hamda yangi tashabbuslar kiritish. 29-modda. Xalqaro tashkilotlar, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, shuningdek, diplomatik missiyalar bilan universitet rahbariyati bilan kelishilgan holda belgilangan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va rasmiy yozishmalar olib borish. 30-modda. Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda ilmiy-tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish maqsadida belgilangan tartibda spinoff va startap kompaniyalarga asos solish, ilg‘or ilmiy ishlanmalar asosida xorijiy hamkorlar bilan birgalikda innovatsion mahsulotlar yaratish hamda ularni jahon bozoriga olib chiqish orqali tijoriy faoliyatni amalga oshirish. 31-modda. Universitet talabalari va professor-o‘qituvchilarining xorijiy grantlar, stipendiyalar hamda xalqaro stajirovkalarda ishtiroki bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal etish yuzasidan tegishli xizmat ko‘rsatish tashkilotlari bilan hamkorlik qilish.
V. Bo‘limning tuzilmasi va boshqaruvi 32-modda. Bo‘limga xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i rahbarlik qiladi va universitet rektori tomonidan tayinlanadi. 33-modda. Bo‘lim tarkiban: bo‘lim boshlig‘i, xalqaro aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi, xalqaro akkreditatsiya va reytinglar bilan ishlash bo‘limi bosh va yetakchi mutaxassislaridan iborat. 34-modda. Bo‘lim tuzilmasi universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi. 35-modda. Bo‘lim xodimlarining vazifa yo‘riqnomalari bo‘lim boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadi.
VI. Bo‘limning hisobdorligi va hamkorligi 36-modda. Bo‘lim o‘z faoliyatida universitet prorektori va rektoriga hisobdordir. 37-modda. Bo‘lim o‘z vazifalarini bajarishda universitetning barcha fakultetlari, kafedralari, bo‘limlari va markazlari bilan hamkorlik qiladi. 38-modda. Bo‘lim joriy faoliyat natijalari yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha va hisob-kitob yili tugagach universitet rahbariyatiga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
VII. Moliyalashtirish 39-modda. Bo‘lim faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi: Davlat budjeti mablag‘lari; Xalqaro grantlar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim loyihalari mablag‘lari; Shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar va keltirilgan daromadlar; Homiylik va ehson mablag‘lari; Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari.
VIII. Yakuniy qoidalar 40-modda. Ushbu Nizom universitet rektori tomonidan tasdiqlangan kundan e’tiboran qonuniy kuchga kiradi. 41-modda. Mazkur Nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish universitet rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. 42-modda. Ushbu Nizom talablarining bajarilishi universitetning barcha fakultetlari, kafedralari va tarkibiy bo‘linmalari uchun majburiy hisoblanadi.