OSUDA ELGA BAYRAM YARASHAR!!!

2021-02-14 2228 marta ko'rildi.

Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, umrlari davomida ikki marta yashashadi. Birlari o‘zlari uchun Olloh tomonidan tuhfa etilgan umr bo‘lsa, ikkinchilari o‘zidan keyin qoldirgan ilmiy-adabiy merosi, yaratgan durdona asarlari bilan o‘z umrlarini davom ettiradilar.Ana shunday daho insonlar safiga bir umr Vatan sog‘inchi bilan yonib yashagan, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburni ham kiritish mumkin. O‘ZBEKISTON-MEN UCHUN SEVIMLI DIYOR, bu ro‘yi zaminga ulug‘ allomalar, olimu fuzalolar, shoirlarni bergan mo‘tabar yurt ekanligini bugun butun jahon biladi. Bugun ana shu zaminning har bir burchida bayram shukuhi kezmoqda. Ular o‘zlarining buyuk bobokalonlari Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlari tavalludiga 538 yil to‘lganligini yuksak va ko‘tarinki ruhda nishonlamoqdalar. Bugun yosh avlod ongiga Bobur asarlarini singdirish, shoir ijodiyoti xususida ilmiy izlanishlar olib borish, "Jaloyi Vatan bo‘lmoqlik" (Vatandan judo bo‘lish) dardi bilan yongan hazratning bosib o‘tgan ibratli hayot yo‘llarini o‘rganish va kelgusida munosib avlod bo‘lish uchun u yaratgan durdonalar nechog‘lik zarur ekanligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Bilamizki, Bobur asarlari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bugun ulug‘ Termiziylar ruhi kezib yurgan mo‘tabar zaminda o‘tayotgan yana bir diydorlashuv o‘1zida ana shunday ulug‘vor maqsadlar uchun xizmat qilishga bag‘ishlanganligi bilan dilimni yayratdi. Termiz arxeologiya muzeyida "Beshta tashabbus-yoshlar istiqboli" deb nomlangan va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda yoshlarimizni ma’nan barkamol insonlar etib tarbiyalash yo‘lida yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlar bilan bir qatorda beshta tashabbusning yoshlar istiqboli hamda ularning yorug‘ kelajagi uchun muhim dasturul amal bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi. Yoshlar tarbiyasida adabiyot, ma’naviyat, ma’rifatning roli beqiyos ekanligi yana bir karra tilga olindi. Bugun yurtimizda olib borilayotgan ulkan islohotlarni amalga oshirishda, to‘kis va tugal ijrosini ta’minlashda o‘qituvchilar, shoirlar, adabiyotshunoslarning mehnatlarini alohida tilga olgan holda ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Yusuf Qodirovich Absoatov bilan birga ishtirok etib, tadbir ishtirokchilarini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nomidan tabrikladim. Bugun olib borilayotgan islohotlarning zamirida barcha barchasida yoshlarimizni Vatanni sevadigan, ardoqlaydigan, pokdomon ko‘ngilli inson sifatida tarbiyalashda adabiyotning ayniqsa, she’riyatning roli ulkan ekanligini ayta, o‘z ijod namunalarimdan o‘qib berdim. Ayniqsa, tadbirda "Amir Temur va Yildirim Boyazid" spektaklidan parcha namoyish etilishi, O‘zbekiston Respublikasi davlat filarmoniyasi Surxondaryo viloyati bo‘limi xonandalari va raqqosalarining chiqishlari, qo‘g‘irchoq teatri san’atkorlari tomonidan ijro etilgan sahna ko‘rinishlari, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish  markazi, Termiz davlat universitetining "Jayhun" folklor-etnografik ansambli, Boysun xalq etnografik folklor ansambli, Dmitriy Inyushev rahbarligidagi "Sanmangan" guruhining milliy liboslar ko‘rgazmasining  namoyish etilishi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Qosimova, xonandalar Dilrabo Hayitboeva, Zohid va Jamshid Tursunovlar, Zuhra Nazarova va Nozigul Hayitovalar tomonidan Bobur g‘azallariga bastalangan go‘zal qo‘shiqlarning ijro etilgani alohida fayz bag‘ishladi.

Ushbu tadbirdan olgan taassurotlarim bir olam...Bilasizmi, shukuhli lahzalarda nimani his qildim, osuda elga bayramlar, to‘ylar yarashadi degan go‘zal o‘y o‘tdi o‘sha onlar. Qadrli zamondoshim! Ilohim, yurtimizdagi mana shu tinchlikka, osudalikka ko‘z tegmasin! O‘zini shu yurtning farzandi arjumandiman degan har bir insonni ADABIYOTGA BO‘LGAN MEHR VA SAMIMIYAT HECH QACHON TARK ETMASIN! HAMISHA YO‘LLARINGIZNI MA’NAVIYAT NURLARI YOG‘DULANTIRIB,  KO‘NGLINGIZDA SHE’RIYAT NURLARI JILOLANIB TURSIN DEGIM KELADI.

MIRZOHID BOTIROV

OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI HUZURIDAGI MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT MARKAZI DIREKTORI