Ta'lim tizimidagi o‘quv rejalar to‘laligicha qayta ko‘rib chiqilishi kerak

2020-05-21 5003 marta ko'rildi.

Hozir to‘rtta kurs talabalari turlicha o‘quv reja bilan o‘qishadi. Mana shu o‘quv rejalarni bir xillashtirish kerak, ikkinchidan, keraksiz fanlar chiqarib tashlanishi kerak.

Bunda biz nafaqat talabaga, balki ish beruvchiga ham huquq berishimiz kerak-ku. O‘zi istagan fanni ta'limga kiritishiga. U o‘ziga kerakli kadrga ish jarayonida kerak bo‘ladigan fanlarni o‘zi taklif qilishi kerak.

Yana bir misol, jismoniy madaniyat fanidan talabaning reyting daftarchasiga bahosi qo‘yiladi. Shu fan bizga kerakmi? Talaba o‘zi mustaqil fitnes klubga borsin, sportga qatnashsin, sharoit bor-ku. Buni alohida fan qilish shartmi? Deylik, talabada ikki juftlik fan bor, orada u kiyimini almashtirib, jismoniy        madaniyat faniga ham kirishi kerak. Shu masala hamon muammoligicha qolmoqda.

Fan o‘qituvchilari ishlayversin, to‘garak o‘tsin, bunga qarshi emasman, lekin u ham bir fan bo‘lishi kerak emas.

Bizda yana bir masalada qo‘rquv bor. Ya'ni, dars jadvaliga darslar shunday joylashtiriladiki, bunda bir juftlikdan keyin orada bo‘sh vaqt qoldiriladi va keyin yana bir juftlik fan qo‘yiladi. Buning sababi, darslarni shunday joylashtirsak, talaba keyingi darsgacha qochib ketolmaydi, deb o‘ylashadi.

Rivojlangan davlatlarda talaba ertalab darsga keldimi kechki vaqtgacha universitet binosini tark etmaydi. U yerda darslar orasida to‘garaklar joylashtiriladi, talabalar shaxmat o‘ynaydi, suzishga qatnashadi, kompyuterda o‘tiradi yoki kursdoshlari bilan suhbatlashib o‘tirib dam oladi.

Talaba tanlovi deganda kunning qaysi qismida o‘qib, qaysi qismida ishlashni erkin tanlash huquqini ham tushunish kerak.

Biz talabaga kechagi qarash, tazyiq bilan qarashni to‘xtatishimiz kerak.

Yana bir muammoli masala, universitetda erkin forma masalasi. Bu muammo qayta-qayta ko‘tarilyapti. Bunga ham erkinlik berish kerak. Faqat bunda shaxsning talaba ekanligi va milliylikni inobatga olish kerak.

 

 Abduqodir Toshqulov, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzosi, Termiz davlat universiteti rektori.